Voronej viloyati Novousmanskiy tumanidagi Aleksandrovka qishlog‘ida joylashgan Wildberries logistika markazida 11-avgust, seshanbaga o‘tar kechasi yong‘in kelib chiqdi.

OSINT-tahlilchilar va ASTRA Telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, ob’yekt hujumga uchragan bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholi ham hududda portlash ovozlari eshitilganini bildirgan. Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sababi haqida rasmiy ma’lumot keltirilmagan.

Mazkur logistika majmuasi to‘liq quvvat bilan 2025-yil noyabridagina ishga tushirilgan edi.

Voronej viloyati Investitsiyalarni jalb qilish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, markazning umumiy maydoni 152,9 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Uning omborlarida 90 milliondan ortiq tovar pozitsiyasini saqlash imkoniyati mavjud bo‘lgan.

ASTRA ma’lumotiga ko‘ra, Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi - RVB mazkur ob’yekt qurilishiga qariyb 11 milliard rubl sarmoya kiritgan.

Wildberries&Russ matbuot xizmati Voronej viloyatidagi kompaniya logistika ob’yektlari xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Voronej shahrida uchuvchisiz uchish apparatlari zarbasi xavfi tufayli ogohlantirish e’lon qilingan. Bu haqda Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev xabar bergan.

Manbada qayd etilishicha, Wildberries logistika markazlari 18-iyuldan buyon bir necha bor Ukraina dronlari hujumlariga uchragan.

Reuters agentligi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, kompaniya ombor quvvatlarining taxminan 20 foizini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Yong‘inlar kompaniya va uning hamkorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazish bilan birga, savdo hajmiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburg, Tula, Elektrostal, Krasnodar va Nevinnomiskdagi 20 dan ortiq logistika markazi zarbalarga uchragan. Ularning kamida 14 tasi yong‘indan zarar ko‘rgan.

The Bell manbalari bahosiga ko‘ra, Wildberriesʼning bevosita zarari 100–200 milliard rubldan oshishi mumkin. Shuningdek, tovarlaridan ayrilgan sotuvchilarning bir qismi platformani tark etishi ortidan kompaniya aylanmasi qariyb chorakka qisqargani aytilmoqda.