Toshkentda 11-avgust kuni «Paxtakor» va Iordaniyaning «Al-Husayn» klubi o‘rtasida Osiyo Elit Chempionlar ligasi saralash o‘yini o‘tkazildi.
Bahsda mezbonlar katta ustunlikka erishdi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollar Dostonbek Hamdamov (2 ta) va Bashar Resan hisobiga yozildi.
Bu g‘alabadan so‘ng, «Paxtakor» Elit OChL liga bosqichiga chiqdi va Farg‘onaning «Neftchi» klubi bilan birga O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Osiyo Elit Chempionlar ligasi qit’aning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turniri hisoblanadi. Unda 32 ta klub ishtirok etadi, qur’a tashlash marosimi 18-avgust kuni o‘tkaziladi.
Liga bosqichi o‘yinlari 14 sentyabr kuni boshlanadi.











