Rossiya hukumati Voronejdagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 32 yoshli amerikalik sobiq dengiz piyodasi Robert Gilmanni ozodlikka chiqardi. Reuters xabariga ko‘ra, Vladimir Putin Gilmanni gumanitar sabablarga ko‘ra afv etgan. Avvalroq Vashington Moskvani amerikalik fuqaroni vatanida davolanishi uchun ozod qilishga chaqirgan edi.

Gilman qiynoqlar va ongni o‘zgartiruvchi dorilar yuborilayotganidan shikoyat qilgani uchun oilasi uning ahvolidan xavotirda edi. Yaqinlarining ta’kidlashicha, Gilman iyun oyidan beri ruhiy tushkunlikka tushib qolgan. Sobiq dengiz piyodasi zond orqali ovqatlantirilayotgani xabar qilindi. Uning singlisi akasini o‘lim yoqasida bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Reuters manbalarining da’vo qilishicha, 11-avgust kuni Gilman uni Vashingtonga olib ketishi kerak bo‘lgan Davlat departamenti samolyoti bortida bo‘lgan. Agentlik suhbatdoshlaridan biri sobiq mahbusni ko‘rganini, uning yurgani va gapirganini aytgan.

Gilmanning rossiyalik advokati “Interfaks”ga uning ozod etilishi ehtimoli haqida ma’lumotga ega emasligini, biroq buni istisno etmasligini ma’lum qildi. “Men hech narsa bilmayman, lekin katta ehtimol bilan shunday. Menga hali hech kim xabar bergani yo‘q. Ma’lumotlarimga ko‘ra, u shifoxonada qolmoqda (iyul oyi boshida Gilman fuqarolik shifoxonasining psixiatriya bo‘limiga o‘tkazilgan edi) va meni hamon uning oldiga kiritishmayapti”, - dedi Irina Brajnikova.

Keyinroq Gilmanning ozod etilganini Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev va AQSh yetakchisi Donald Tramp ham tasdiqladi.

32 yoshli Robert Gilman Rossiyada hibsda saqlanayotgan kamida o‘n nafar amerikalikdan biridir. 2022-yil yanvar oyida u Rossiyaning Voronej shahrida politsiyachi bilan bo‘lgan mojarodan keyin qo‘lga olingan. Rossiya hukumati uni politsiya xodimiga hujum qilishda aybladi. Dastlab u 4,5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Keyinchalik unga nisbatan axloq tuzatish muassasasi xodimlariga hujum qilishda yangi ayblovlar paydo bo‘ldi va umumiy jazo taxminan 10 yilga oshirildi.