Xitoyning Outlook New Era Magazine media portalida Jahon sayohat va turizm kengashining (WTTC) “2026-yil uchun sayohat va turizmning iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisoboti asosida Markaziy Osiyo turizm sohasidagi o‘sish sur’atlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo 2025-yilda jahon turizm sanoatida eng tez rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylangan. WTTC dunyo turizmini 13 ta asosiy hudud bo‘yicha tahlil qilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
Xususan, 2025-yilda mintaqada sayohat va turizm sohasining yalpi ichki mahsulotga qo‘shadigan hissasi 17,7 foizga, sohaning to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy hissasi esa 19,6 foizga o‘sgan. Bu Shimoli-sharqiy Osiyodagi 8,7 foiz va Janubi-sharqiy Osiyodagi 7,6 foizlik o‘sish sur’atlaridan sezilarli darajada yuqori.
Hisobotda Markaziy Osiyo turizm sanoatining iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 2025-yilda 220,1 milliard AQSh dollariga yetgani keltirilgan. Bu mintaqa yalpi ichki mahsulotining 4,3 foiziga teng. Shuningdek, turizm sohasidagi bandlik 9,5 foizga, sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa 12,4 foizga oshgan.
Maqolada O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or turistik yo‘nalish sifatida alohida qayd etilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat mintaqadagi asosiy baholash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
2025-yilda O‘zbekistonning turizm xizmatlari eksportidan olgan daromadi 44,8 milliard AQSh dollariga yetgani keltirilgan. Qayd etilishicha, bu Markaziy Osiyodagi umumiy turistik eksport daromadlarining qariyb yarmini tashkil etadi.
O‘zbekiston mintaqa aholisi uchun ham eng ommabop sayyohlik yo‘nalishi sifatida ko‘rsatilgan. Markaziy Osiyo aholisining xorijiy sayohatlari orasida O‘zbekistonning ulushi 25 foizni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston 23 foiz va Qirg‘iziston 18 foiz ko‘rsatkich bilan egallagan.
Shuningdek, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu 2024-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 46,8 foizga ko‘p.
WTTC Markaziy Osiyoda turizmning jadal rivojlanishiga chegara tartiblarining soddalashtirilishi, transport va logistika imkoniyatlarining yaxshilanishi, yangi sayyohlik yo‘nalishlarining tashkil etilishi hamda mintaqaning yagona turistik makon sifatida targ‘ib qilinishi muhim omil bo‘layotganini qayd etgan.
Tadqiqot natijalari O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi asosiy turizm markazlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.










