Turizm qo‘mitasi turizmning faol turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilovchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqda.
Loyihada 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha faol turizm yo‘nalishida foydalaniladigan avtomobillar, asbob-uskunalar va anjomlari importini bojxona bojidan ozod etish taklif etilmoqda.
Ro‘yxatga 40 ga yaqin pozitsiya kiritilgan: kvadrotsikl, UTV, SSV va baggi turidagi yo‘lsiz transport vositalari, yo‘ltanlamas avtomobillar, avtokemperlar va gidrotsikllar, parashyut va paraplanlar, deltaplanlar, aeronavigatsiya asboblari, tog‘ va alpinizm anjomlari, suv turizmi jihozlari, portativ ratsiya va boshqa vositalar nazarda tutilgan.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan Chorvoq, Zomin va Qamchiq dovoni yo‘nalishlarida avtobus va mikroavtobuslar harakatlanishining alohida tartibi belgilanadi. Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi ishtirokida esa faol turizm xizmatlarini sug‘urtalash bo‘yicha xorijiy tajribaga asoslangan taklif ishlab chiqiladi.











