Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasiga ko‘ra, kichik aviatsiya faol turizmning yangi yo‘nalishiga aylanadi.

Loyihada kichik aviatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi ushbu sohada davlat regulyatori etib belgilanadi hamda havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, texnik xizmat ko‘rsatish, mutaxassislar tayyorlash va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi.

“Agentlik ICAO talablari asosida sertifikatlangan maksimal uchish og‘irligi 5700 kg gacha bo‘lgan (vertolyotlar uchun 2250 kg gacha) havo kemalari faoliyatini tartibga soluvchi aviatsiya qoidalarini ishlab chiqadi.

“Yo‘l xaritasi”da vazni 115 kg gacha bo‘lgan apparatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatidan ozod qilish, yengil havo kemalari uchun «Havaskorlik» toifasini joriy etish, “Kichik aviatsiya” yagona integratsiyalashgan elektron platformasini yaratish, shuningdek kichik aviatsiya uchuvchilari zaxirasini shakllantirish bo‘yicha “Cadet program”ni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Hududlarda foydalanishdan chiqarilgan uchish-qo‘nish yo‘laklari (aerodromlar) ni faol turizm maqsadida qayta ishga solish, ularni obodonlashtirib, tadbirkorlik sub’yektlari va tashabbuskorlarga ijaraga berish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, faol turizm yo‘nalishida o‘quv kurslari tashkil etish uchun notijorat tashkilotlar va tadbirkorlarga bino va inshootlar ijaraga beriladi.