Bundan bir kun avval agentlik Rossiya va Ukraina tomonidan mintaqada amalga oshirilayotgan hujumlar soni ortib borayotgani fonida Turkiya savdo kemalarining bo‘g‘ozlar orqali harakatini cheklagani haqida xabar tarqatgan edi.
Kemalar harakatini kuzatish tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Aegean Dream neft tankeri 6-avgustdan buyon hududda kutib turganidan so‘ng, 9-avgust kuni Dardanell bo‘g‘oziga kirgan. Kemaning manzili sifatida Rossiyaning Novorossiysk shahridagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminali ko‘rsatilgan.
Mehmet Kahveci A konteyner tashuvchi kemasi ham 9-avgust kuni ertalab Dardanell bo‘g‘ozidan o‘tgan. Uning ham yo‘nalish manzili Novorossiysk ekani ko‘rsatilgan.
Tranzit ruxsatnomalarini berish kechiktirilgan
Bloomberg 8-avgust kuni Turkiya Sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi Novorossiyskka yo‘l olgan bir nechta kemaga bunday reyslar uchun tranzit ruxsatnomalari vaqtincha berilmayotganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.
Shuningdek, Dardanell bo‘g‘ozidan o‘tish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha vaqt talab qilinishi aytilgan.
Agentlik manbasiga ko‘ra, cheklovlar faqat Rossiya portlariga emas, Ukraina tomon harakatlanayotgan kemalarga ham taalluqli bo‘lgan.
Anqara mazkur qarorning sabablarini rasman tushuntirmagan va vaziyatga ochiq izoh bermagan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Transport vazirligi ham 9-avgust kuni agentlikning izoh so‘rab yuborgan murojaatiga javob bermagan.
Kemalar harakatidagi kechikishlar Turkiya hukumati Qora dengizda savdo kemalariga hujumlar ko‘payib borayotganiga jiddiy e’tibor qarata boshlagan bir paytda yuz berdi.
Turkiya Rossiya va Ukrainadan hujumlarga moratoriy so‘radi
Bloomberg 8-avgust kuni amerikalik rasmiyga tayanib, Ukraina Rossiya bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim neft tankerlarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga ko‘maklashishga rozi bo‘lganini ham xabar qildi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anadolu agentligiga bergan intervyusida Anqara Rossiya va Ukrainaga Qora dengizdagi hujumlarga “moratoriy” joriy etish taklifini bildirganini ma’lum qildi.
Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomoni bu masala yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni ishlab chiqqan va ular prezidentga taqdim etilgan. Hozir ularni amalga oshirish jarayoni boshlanmoqda.
Qora dengizda savdo kemalariga hujumlar ko‘paygan
Avgust oyi boshida Turkiya Tashqi ishlar vazirligi turk kompaniyalariga tegishli ikkita kemaga dronlar bilan qilingan hujumlar oqibatida ekipaj a’zolari, jumladan Turkiya fuqarolari jarohatlanganini xabar qilgan.
4-avgust kuni vazirlik mojaroga aloqador barcha tomonlarni, birinchi navbatda urush olib borayotgan davlatlarni Qora dengizda kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash uchun zudlik bilan aniq choralar ko‘rishga chaqirgan.
Turkiya tomoni vaziyatning yanada keskinlashishi ko‘p tomonlama salbiy oqibatlarga, jumladan oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ukraina uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert “Madyar” Brovdining 30-iyulda bildirishicha, Ukraina 6-iyuldan boshlangan “MoLoChKa” operatsiyasi doirasida Qora dengizda Rossiyaning 75 ta tankeriga zarba bergan.
Shu bilan birga, Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining dastlabki ikki haftasida Rossiya Ukraina portlariga, jumladan Odessa viloyatidagi port infratuzilmasiga 23-marta zarba bergan va Qora dengizda fuqarolik kemalariga 17-marta hujum qilgan.
Natijada Ukrainaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dengiz orqali eksport qilishi xavf ostida qolgan. Dengiz yo‘lagidagi harakat amalda to‘xtab qolgani, muqobil yo‘nalishlar esa eksport hajmini to‘liq qoplay olmayotgani qayd etilmoqda.
Qora dengizdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat Turkiya uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari Qora dengizni O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lovchi asosiy dengiz yo‘li bo‘lib, ular orqali xalqaro savdo, energetika va oziq-ovqat tashuvlari amalga oshiriladi.











