Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qarori bilan respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Hujjat prezidentning 2025-yil 20 oktyabrdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Qarorda respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimliklarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgani qayd etilgan.

Maslahatchilar faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi. Maslahatchi Departament bilan kelishilgan holda tegishli davlat organi yoki tashkiloti rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi. Ular o‘z rahbari hamda Departamentga hisobdor bo‘ladi.

Maslahatchilarning asosiy vazifalari qatoriga davlat tili, geografik ob’yektlar va ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash kiritildi. Shuningdek, ular davlat tili qoida va me’yorlariga amal qilinishi hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Qarorga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, jumladan, hujjatlarning davlat tilida yuritilishi uchun tashkilot rahbarlari mas’ul va shaxsan javobgar hisoblanadi.