Prezidentning «Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi yuridik shaxslar ekologik ekspertiza xulosasi asosida xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqadi va ularni Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishadi.
Yillik rejalarda xavfli chiqindilar hajmini kamaytirish, ularni qayta ishlash ulushini oshirish, xavfsiz joylashtirish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish uchun ixtisoslashgan tashkilotlarga topshirish choralari nazarda tutiladi.
Qarorga ko‘ra, foydalanishdan chiqarilgan xavfli chiqindilar saqlanayotgan maxsus inshootlar va ochiq maydonlar ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablag‘lar bilan birga bepul asosda Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2026-yil 1 oktyabrdan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ushbu yo‘nalishdagi statistika hisobotlarini yil yakuni bo‘yicha shakllantirib boradi.











