Ushbu raketalar asosan armiyaning «yer-yer» sinfidagi qurollari bo‘lib, ular taktik raketa tizimlari (ATACMS) va aniq zarba berish raketalari (PrSM) sifatida tanilgan. Ma’lumotlardan xabardor uch amaldorning Reutersʼga aytishicha, AQSh bu qurollarning «deyarli barchasini» ishlatib bo‘lgan.

Uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalari – xavfsiz masofadan turib aniq zarba berish imkonini yaratib, harbiylar arsenalining muhim qismini tashkil etadi. PsSM esa qisqaroq masofaga ega bo‘lgan ATACMS'lar o‘rnini bosuvchi yangi va ancha takomillashtirilgan avloddir.

Ismi sir qolish sharti bilan gapirgan manbalar AQShda har bir turdagi o‘q-dorilardan qancha qolganligini aytishdan bosh tortdi.

2026-08-04 21.27.52
Army Tactical Missile System - ATACMS / Foto: Reuters

Prezident Donald Tramp fevral oyida Isroil bilan birga Eronga qarshi urush boshlaganda uni qisqa davom etishini bashorat qilgandi. Ammo harbiy harakatlar cho‘zilib, 5 oydan ham o‘tib ketdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlarini nazorat qiluvchi Markaziy qo‘mondonlik (Centcom) urush boshlanishidan oldin o‘zida bo‘lgan yerga asoslangan raketalarini deyarli sarflab bo‘lgandi. Ammo u dunyoning boshqa chekkalaridagi AQSh harbiy zaxiralaridan qayta to‘ldirilgan.

Zaxiralar bo‘yicha ogohlantirish

Reuters manbalaridan birining aytishicha, ATACMS va PrSM zaxiralarining kamayishi – Tramp ma’muriyatining Eron nishonlariga hujum qilishning xavfliroq usullaridan qochganini anglatadi. Masalan, bomba tashlash uchun qiruvchilardan foydalanish o‘rniga har birining narxi 1 million dollardan oshadigan raketa otib qo‘ya qolishgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu qurollar harbiylarga xavfsiz masofadan turib nishonga hujum qilish imkonini beradi. Shu bois ular Xitoy kabi kuchli havo mudofaasiga ega bo‘lgan raqibga qarshi urushda juda qadrli bo‘lardi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining mart oyidagi hisobotiga ko‘ra, qisqaroq masofaga ega bo‘lgan raketa zaxiralari boshidan kam edi. Chunki u nisbatan yangi o‘q-dori, biroq AQSh harbiylari 2027-yil uchun ulardan ko‘p miqdorda buyurtma bergan.

2026-08-04 21.28.00
Patriot tizimi / Foto: US Centcom

Avvalroq, ushbu markazi fevral-iyul oralig‘ida Patriot tutuvchi raketalarining qariyb 65 foizi sarflangani haqida ham yozgandi. Bundan tashqari, hisobotda AQSh zaxiralaridagi THAAD ballistik raketa tutuvchilari soni urush boshlangandagiga qaraganda kamida 38 foizga past ekani taxmin qilingan.

Patriot va THAAD uchib kelayotgan raketalarni aniqlaydigan hamda yo‘q qiladigan tizimlar bo‘lib, AQSh arsenalidagi eng samarali qurollar qatoriga kiradi.

Reuters manbalarining aytishicha, bu ko‘rsatkichlar AQSh hukumatining ichki ma’lumotlariga mos keladi. Bundan tashqari, urush boshlanganidan beri AQSh - kemalardan uchiriladigan Tomahawk qanotli raketalari global zaxirasining yarmidan kamrog‘ini sarflab yuborgan.

2026-08-04 21.27.55
Tomahawk raketasi / Foto: US Centcom

Ikki manbaga ko‘ra, harbiy rahbarlar bir necha hafta davomida prezidentni mudofaa qurollari, shu jumladan ballistik raketalarga qarshi samarali bo‘lgan Patriot'larning zaxiralari kamayayotganidan ogohlantirgan.

O‘tgan haftada hatto Tramp shu sabab bilan Eronga boshqa yirik hujum uyushtirmaslikka qaror qilgani xabar qilingandi. Ammo, AQSh rasmiylaridan biri bu xabarlarni rad etdi: ular Tramp Fors ko‘rfazi davlatlarining bosimi sababli Eronga hujumlarni davom ettirmaslikni tanlaganini aytdi.

Oq uy rad etdi

Reuters zaxira ma’lumotlari haqida izoh so‘raganda, Oq uy Trampning bayonotini e’lon qildi. Unda AQSh «dunyodagi hammadan ko‘ra ko‘proq» va «keragidan ham ko‘proq» o‘q-dorilarga ega ekanligi aytilgan.

«Mudofaa kompaniyalarimiz hozirgi kunda zavod va uskunalarini rekord darajada kengaytirish bilan bir qatorda, har qachongidan ham ko‘proq o‘q-dori ishlab chiqarmoqda», dedi Tramp.

Tahlilchilar ayrim turdagi o‘q-dorilar, jumladan, artilleriya snaryadlari va bir nechta turdagi raketalar rekord darajada ishlab chiqarilayotganiga qo‘shilmoqda. Biroq zaxiralar uzoq davom etadigan urush uchun zarur bo‘lgan miqdordan ancha kam bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

2026-08-04 21.43.57
Foto: Getty Images
Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn va Donald Tramp

ATACMS raketalari, THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqaruvchi Lockhead Martin kompaniyasi Trampning bayonotlari yoki zaxira darajalari haqidagi savollarga javob bermadi. Tomahawk raketalari va Patriot tizimlarini ishlab chiqaruvchi Raytheon kompaniyasi ham savollarni ochiq qoldirgan.

Pentagonning bosh matbuot kotibi Shon Parnel esa shunday dedi: «Amerika harbiylari dunyodagi eng qudratli kuchdir va Prezident tanlagan vaqt va joyda harakatlarni amalga oshirish uchun barcha kerakli narsaga ega…».

Nashrga ko‘ra, qurollarning zaxirasi ko‘rsatkichlari so‘nggi hafta davomida federal hukumat ichida, Tramp ma’muriyatidagi jiddiy muzokaralar chog‘ida muhokama qilingan. Unda zaxiralarni – harbiylarning boshqa inqirozlarga javob berish qobiliyatini cheklaydigan darajaga tushirmasdan turib, AQSh yana qancha vaqt Eronga zarbalar berishda davom etishi mumkinligi ko‘rib chiqilgan.