Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Milliy bog‘dagi plyajda 5-avgust kuni 4 yoshli qiz suvda cho‘kib vafot etgani aytilgan xabarlar tarqaldi.
Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, plyaj faoliyati to‘xtatilganini aniqladi. Voqea guvohlari chindan ham ushbu holat sodir bo‘lganini tasdiqladi.

Bog‘ ma’muriyati xodimlari voqea yuzasidan izoh berish vakolatiga ega emasligini bildirgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Gazeta’ga ma’lum qilishicha, 4 yoshli qiz 8 yoshli opasi va buvisi bilan birga cho‘milish kelgan va suvga cho‘kib ketgan.
Voqea joyiga chaqirilgan tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan birinchi yordamga qaramay, u vafot etgan.
Shifokorlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, marhumaning tanasida hech qanday tan jarohati alomatlari aniqlanmagan.
Hozirda hodisa joyida tergov-tezkor guruhi, prokuratura va sud-tibbiy ekspertiza byurosi xodimlari tomonidan o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2026-yilning so‘nggi olti oyida 111 kishi suvga cho‘kib ketib, vafot etgan.











