5 ming metr kvadratdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlari tashkil qilishning majburiy tartibi joriy qilinadi. Bu 27 iyuldagi “Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida nazarda tutilgan.

Qarorga muvofiq, 2026-2027 yillarda Toshkent shahri ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi. Buning uchun 2031 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrida, eksperiment tariqasida, barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash, ularning salohiyatini oshirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish maqsadida yer maydonlari biriktiriladi. Shuningdek, Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi.

“Toshkent kitob tijorat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan kitoblar savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga aholi gavjum joylarda, bozorlarda, yirik savdo markazlarida, shohko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatish, “Book cafe”lar tashkil qilish, poytaxtda barpo etilayotgan 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritadigan sayilgohlarda “kitob ko‘chasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga oid adabiyotlarni o‘qishi va o‘zlashtirishini baholashning yangi mexanizmi joriy etilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan mahkumlarning jazo muddati o‘qigan har bir kitobi uchun uch kunga qisqartirilishi mumkin.