Ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasidagi qurilish ishlari davomida oqova suv quvuriga shikast yetkazilgani va oqova suvning Salar kanaliga oqib chiqayotgani haqidagi murojaat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, Yakkasaroy tumanidagi qurilish maydonida «B.B.» MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi vaqtida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga shikast yetkazilgan. Natijada quvurning bir qismi o‘pirilib tushgan va to‘plangan suyuq chiqindilar maxsus nasoslar orqali hech qanday tozalash ishlarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri Salar kanaliga chiqarilgan.
Ekologiya bosh boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi tomonidan olingan namunalar tahliliga ko‘ra, chiqindilar tarkibida neft mahsulotlari qoldiqlari ruxsat etilgan me’yordan 5,02 marta, ammoniy azoti 43,5 marta, kimyoviy kislorod sarfi 4,9 marta, muallaq moddalar esa 13,6 marta yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq namunalarida ham neft mahsulotlari qoldiqlari me’yordan yuqori ekani aniqlangan.
Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 63 ming 936 kub metr suyuq chiqindi hech qanday ruxsatnomasiz Salar kanaliga tashlangan.
Ushbu holat oqibatida «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun hamda Suv kodeksining bir qator moddalari talablari buzilgani qayd etildi. Buning uchun «B.B.» MChJga suv ob’yektiga yetkazilgan zarar bo‘yicha 2 milliard 160 million 13 ming 824 so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblandi.
Bundan tashqari, yer relefining ham ifloslantirilgani aniqlanib, mazkur holat uchun qo‘shimcha 60 million 27 ming 81 so‘m kompensatsiya belgilandi.
Natijada qurilish kompaniyasi jami 2 milliard 220 million 40 ming 905 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lashi belgilandi.











