Ekopolitsiya xodimlari 19 maydan 22 iyulga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida nazorat reydlarini o‘tkazdi.

Reydlar davomida asosiy e’tibor qurilish chiqindilarini belgilangan joylardan tashqariga noqonuniy tashish va tashlash, shuningdek, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlarini aniqlashga qaratildi.

Tadbirlar davomida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Zangiota va Qibray tumanlari, shuningdek, poytaxtning Yangihayot, Yunusobod va Sergeli tumanlarida ekologik qonunchilik talablarining ko‘plab buzilish holatlari aniqlandi.

Fuqarolar qurilish chiqindilarini transport vositalari yordamida belgilanmagan joylarga tashlab kelgani ma’lum bo‘ldi.

Reydlar yakunlariga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan 48 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ularga nisbatan jami 316,3 million so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Bundan tashqari, reydlar davomida bir yil ichida chiqindilarni noqonuniy tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni takroran sodir etgan haydovchi ham aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun tayyorlanmoqda.