Poytaxt Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari davomida oqova suv quvuriga shikast yetkazilgani hamda oqova suvning Salor kanaliga sizib chiqayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatni o‘rgandi.

O‘rganish davomida Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida «B.B.» MChJ tomonidan ko‘pqavatli turar joy binosini qurish davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga shikast yetkazilganligi, natijada quvurning ma’lum qismi o‘pirilib tushganligi aniqlandi.

To‘planib qolgan suyuq chiqindilar esa tuman hududidan oqib o‘tuvchi Salor kanaliga hech qanday tozalash ishlarini olib bormasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlangan.

Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasining tahliliy laboratoriya bo‘limi tomonidan chiqindilardan olingan namunalarda neft mahsuloti qoldiqlari belgilangan me’yordan 5,02 marta, azot ammoniy 43,5 marta, XPK 4,9 marta, muallaq moddalar esa 13,6 marta yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq namunalarining tarkibida neft mahsuloti qoldiqlari 2,6 dan 11,4 mg/kg gacha ekanligi aniqlandi.

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 63 936 metr kub hajmdagi suyuq chiqindilar kanalga hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda chiqarib tashlangan. Buning natijasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi, “Suv kodeksi”ning 23, 117, 153-moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Natijada 2 mlrd 160 mln 13 ming 824 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.

Bundan tashqari, MChJ tomonidan oqova suv tarmog‘iga shikast yetkazilganlik holati natijasida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar tashlanishi oqibatida yer relefidagi tuproq ifloslantirilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsuloti qoldiqlari belgilangan konsentratsiya miqdoridan o‘rtacha 5,2 marta yuqorini tashkil etgan. Holat yuzasidan 60 mln 27 ming 81 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. «B.B.» MChJ jami 2 mlrd 220 mln 40 ming 905 so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi.