O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida ushbu davlatning “ZYLORA” kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejyeri Zilola Irgasheva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida tibbiyot xodimlari va hamshiralarni ishga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, malakali mutaxassislarning qonuniy va tartibli ishga joylashishini ta’minlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston–Chexiya hamkorligini kengaytirish istiqbollari haqida ham fikr yuritildi.
Kompaniya vakillari kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Ishbilarmonlar kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi kelgusi faoliyat strategiyasini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistondan Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborishni tartibga soluvchi amaldagi me’yoriy-huquqiy baza, tartib-taomillar va qonunchilik talablarini batafsil o‘rganish niyatida ekanini bildirdi.











