Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, qonun loyihasida avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish jazo chorasini joriy etish, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarish uchun berish, noqonuniy poygalarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavf tug‘diradigan holatda to‘xtatib qo‘yish, shuningdek, belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq miqdorda oshirish kabi huquqbuzarliklar uchun alohida ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki mazkur huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan “yo‘l bezoriligi” uchun amaldagi jazolarga qo‘shimcha ravishda transport vositasini musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish kabi ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.