O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida ushbu mamlakatning ZYLORA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida tibbiyot xodimlari va hamshiralarni tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, malakali mutaxassislarning Chexiyaga qonuniy va tartibli ishga joylashishini ta’minlash bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda ZYLORA kompaniyasi vakillari kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, kompaniya Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborish bilan bog‘liq amaldagi qonunchilik, me’yoriy-huquqiy baza va tartib-taomillarni batafsil o‘rganish niyatida ekanini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan ZYLORA kompaniyasi xalqaro biznesni rivojlantirish, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyaviy va soliq masalalari bo‘yicha konsalting hamda xalqaro bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Keyingi yillarda kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.