Ukraina droni Gelenjik shahrining Arxipo-Osipovka posyolkasiga hujum qilishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, shundan uch nafari bolalar. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev xabar berdi.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, 40 kishi jarohatlangan, shundan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. RF sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov ma’lum qilishicha, jabrlanganlardan to‘rt nafari (shundan ikki nafari bolalar) og‘ir ahvolda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda dron to‘g‘ridan to‘g‘ri plyajga kelib urilgani va portlaganini ko‘rish mumkin. Bu vaqtda sohilda va suvda odamlar dam olayotgan bo‘lgan.
Krasnodar o‘lkasi operativ shtabi sohilga «dron parchalari» qulagani haqida ma’lum qilgan. Ukrainadagi telegram-kanallar esa dron radioelektron kurash vositalari ta’sirida boshqaruvni yo‘qotib, plyajga qulab tushganini ta’kidlamoqda.
«Ostorojno, novosti» qayd etishicha, shahar rahbari Aleksey Bogodistov soat 08:34 da dronlar hujumi xavfi haqida xabar bergan. 10 daqiqa o‘tib u bu rejim bekor qilinganini yozgan. Shu bilan birga, mahalliy aholi vakillari va sayyohlar sirenalar ovozi eshitilmaganidan shikoyat qilishgan, holbuki posyolkada ogohlantiruvchi tizim bo‘lgan. 93.ru nashri o‘quvchilari ham ogohlantirish tizimi ishlamaganini aytib berishgan.












