O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 30 iyul – 1 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi.

Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashadilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Sammit yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Tashrif dasturiga muvofiq, prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarboyjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi hamda boshqa rasmiy tadbirlarda ham ishtirok etadi.