Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, ikkinchi bosqichda qabul jarayoni to‘liq elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Avval birinchi bosqichda yuborilgan arizani bekor qilish yoki o‘chirish talab etilmaydi - yangi ariza avvalgisiga bog‘liq bo‘lmagan holda qabul qilinadi.
Ariza topshirish uchun ota-onalar my.gov.uz portalidagi «1-sinfga qabul» xizmatiga kirib, farzandini tanlashi va qabul jarayonini qayta boshlashi kerak. «Ariza topshirishning hududiy darajasi» qismida «Tuman doirasida qabul» bandi tanlansa, tizim mikrohududdan tashqaridagi maktablarni ko‘rish imkonini beradi.
Shundan so‘ng bo‘sh o‘rinlari mavjud maktab tanlanadi va ariza tasdiqlanadi. Ariza qabul qilingach, tizim avtomatik tarzda hujjatlarni topshirish vaqti va sanasini belgilaydi hamda bu haqda ariza beruvchiga xabarnoma yuboradi.
Mas’ullar eslatishicha, ikkinchi bosqich bo‘yicha ijobiy javob olinganidan keyin farzandning hujjatlari yangi tanlangan maktabga shaxsan borib topshirilishi shart.











