Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 57 ta cho‘milish havzasi muntazam sanitariya-epidemiologik nazoratdan o‘tkazilmoqda. Tasdiqlangan reja asosida har oy suv namunalari bakteriologik va sanitariya-gigiyenik ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Joriy yil davomida cho‘milish havzalaridan 1 044 ta suv namunasi tahlil qilingan. Sanitariya talablariga javob bermagani aniqlangan 7 ta mavsumiy cho‘milish havzasida suv to‘liq almashtirilib, yuvish va zararsizlantirish ishlari bajarilgan.

Shuningdek, boshqarmaga cho‘milish havzalarida cho‘milish oqibatida zaharlanish yoki yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq birorta ham shoshilinch xabarnoma kelib tushmagani qayd etildi.

Sanepidqo‘mita fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka va faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan axborotlarga tayanishga chaqirdi.