Qarorga muvofiq, 2026 yilda Toshkent shahri yalpi hududiy mahsulotini 11,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8,5 foizga, bozor xizmatlarini 19 foizga va qurilish ishlarini 17,3 foizga oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2026 yilda 9 milliard AQSh dollari, 2027 yil yakuniga qadar esa 10 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
Hujjat bilan 2031 yil 1 yanvarga qadar qator yangi mexanizmlar tajriba tariqasida joriy etiladi. Ular orasida maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini kengaytirish, tayyor biznes loyihalarini elektron auksionga chiqarish, ko‘p qavatli sanoat ob’yektlarini barpo etish hamda renovatsiya dasturlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qarorda «O‘n besh daqiqalik shahar» konsepsiyasini amalga oshirish, yashil hududlarni ko‘paytirish, suv resurslarini boshqarish markazini tashkil etish, gastronomik va tungi turizmni rivojlantirish, yoshlar kreativ parklarini tashkil etish hamda kitob savdosini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Qaror ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri zimmasiga yuklatilgan.











