Avtomobil va ehtiyot qismlari savdosi sohasida faoliyat yurituvchi 30 nafardan ortiq afg‘onistonlik tadbirkordan iborat delegatsiya Toshkent shahrida bo‘lib turibdi.

Mehmonlar iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori, "Tashkent INDEX" savdo majmuasi hamda "Banner Print" MChJ korxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati, savdo infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish tizimi hamda avtomobillar va ehtiyot qismlar oldi-sotdisi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Delegatsiya a’zolariga Toshkentda avtomobil va uning ehtiyot qismlari savdosi sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tashrif dasturi davomida qator uchrashuvlar o‘tkazish, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.