Termiz shahrida transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov rahbarligida Afg‘oniston transport va aviatsiya vazirligi vakillari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini yanada rivojlantirish, milliy tashuvchilar uchun qulay va teng sharoitlar yaratish, Afg‘oniston hududida O‘zbekiston tashuvchilaridan undirilayotgan yig‘imlarni maqbullashtirish, yig‘imlarni o‘zaro manfaat va tenglik tamoyillari asosida belgilash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston milliy tashuvchilarining taklif hamda murojaatlari tinglandi.

Ularni uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan amaliy choralarni ko‘rish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.