Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.R. to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Kanadaga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlangan.
Buning evaziga u 5 ming dollar talab qilib, kelishilgan pulning 3 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aytilmoqda.
Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro M.T. boshqa bir fuqaroga Yaponiyaga borish uchun viza hujjatlarini tayyorlab berishni va’da qilib, 1 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Uychi tumanidagi holatda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi Sh.N. fuqaroni 1,5 ming dollar evaziga Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilgani ma’lum qilindi. U kelishilgan mablag‘ hisobidan 3,3 mln so‘mni olgan. Tekshiruv davomida ushbu pullarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Uchtepa tumanida M.G MChJ mas’ul shaxslari fuqaroni Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilib, uning 8 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.










