«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston madaniyati kunlari 27–28 iyul kunlari Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkaziladi.
«Kabar» Qirg‘iziston milliy axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston ijodiy delegatsiyasi 26 iyul kuni «Issiqko‘l» (Tamchi) xalqaro aeroportiga yetib kelgan.
Delegatsiyaga O‘zbekiston madaniyat vaziri, xalq artisti Ozodbek Nazarbekov boshchilik qilmoqda. Uning tarkibidan 200 ga yaqin madaniyat va san’at vakili, jumladan taniqli ijrochilar, sozandalar, raqs jamoalari va madaniyat arboblari o‘rin olgan.
Ikki kun davomida o‘zbekistonlik san’atkorlar Issiqko‘l viloyati aholisi va mehmonlariga mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi hamda milliy san’atning zamonaviy yutuqlarini aks ettiruvchi dasturni taqdim etadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.











