Tanlov jarayoni «avval test - so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos ravishda 5 tagacha oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.
Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllarini belgilash imkoniyati mavjud. Yo‘nalishlarni bitta OTM doirasida yoki turli oliy ta’lim tashkilotlari kesimida tanlash mumkin.
Tanlovni amalga oshirish uchun abituriyent my.uzbmb.uz platformasiga kirib, «Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul» bo‘limini tanlashi kerak. Shundan so‘ng «Xizmatdan foydalanish» va «OTT tanlash» tugmalari orqali tanlov jarayoniga o‘tiladi.
Abituriyent dastlab tanlov ustuvorligini, mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha tanlovni belgilaydi. Keyin fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari tanlanib, ma’lumotlar saqlanadi.
Tanlovni tasdiqlash uchun telefon raqamiga yuborilgan SMS-kodni kiritish talab etiladi. Shundan so‘ng «Abituriyent qayd varaqasi» shakllanadi. Uni yuklab olib, saqlab qo‘yish tavsiya etilgan.
Abituriyentlar tanlovga oid ma’lumotlarini 8 avgustga qadar istalgan vaqtda o‘zgartirishi mumkin. Belgilangan muddat yakunlanganidan keyin kiritilgan ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritish imkoni bo‘lmaydi.
Yo‘nalishlarni tanlashda faqat o‘tgan yilgi o‘tish ballariga tayanish emas, balki abituriyentning o‘z balli, qiziqishlari va kelgusidagi kasbiy rejalarini ham hisobga olish tavsiya qilingan.











