Amaldagi tartibga ko‘ra, qo‘shimcha davlat granti abituriyent tanlagan birinchi (1-ustuvor) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga nisbatan tatbiq etiladi. Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi ustuvor ta’lim yo‘nalishlari uchun ushbu imtiyoz amal qilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha grant faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratiladi. Kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllarida mazkur imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Qabul parametrlarida ma’lum bir ta’lim yo‘nalishi uchun ko‘rsatilgan qo‘shimcha grant o‘rinlari alohida oliy ta’lim muassasasiga emas, balki respublika bo‘yicha ushbu ta’lim yo‘nalishi uchun ajratilgan umumiy o‘rinlar sonini anglatadi.
Qo‘shimcha davlat grantiga tavsiya etish respublika miqyosida amalga oshiriladi. Bunda abituriyentlar birinchi tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘plagan ballari ketma-ketligi asosida saralanadi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent davlat granti bo‘yicha belgilangan o‘tish ballining kamida 80 foizini to‘plagan bo‘lishi shart. Mazkur talabni bajarganlar orasidan eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar qo‘shimcha grant o‘rinlariga tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari bir vaqtning o‘zida ushbu toifa bo‘yicha ham, boshqa imtiyozli davlat grantlari bo‘yicha ham tanlovda ishtirok eta olmaydi. Ular faqat bitta imtiyozli davlat granti turi bo‘yicha talabgor bo‘lish huquqiga ega.











