Yurgen Klopp futbol bo‘yicha Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 59 yoshli mutaxassis Germaniya futbol ittifoqi bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi.
U 15 avgustdan milliy jamoadagi faoliyatini boshlaydi. Uning murabbiylik shtabidan Piter Kravits, Pepeyn Leynders va Sven Bender joy oladi. Kravits va Leynders Klopp bilan «Liverpul»da birga ishlagan.
Germaniya futbol ittifoqi Klopp global futbol bo‘limi rahbari lavozimini egallab kelgan Red Bull konserniga bir million yevro o‘tkazib beradi.
Yurgen Klopp ilk matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalariga nisbatan talablarini e’lon qildi.
«Siz meni ko‘rishni istamagan kuniyoq hech qanday kompensatsiyalarsiz ishdan ketaman. Agar ertaga mening qo‘limdan hech narsa kelmasligini aytsangiz, ketaman.
Lekin bir kishi bunday deb hisoblamasligi kerak – bu jamoatchilik fikri bo‘lishi lozim. Agar Germaniya futbol ittifoqi ishni eplay olmayotganimni aytsa, ketaman.
Agar o‘zingizni nomunosib tutsangiz va oilamni tinch qo‘ymasangiz ham ketaman. Agar nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, meni tanqid qiling. Xatolar ustida ishlashga tayyorman. Hammasi faqat futbol va mening ishim bilan bog‘liq bo‘lishi kerak», - dedi Klopp.
U jamoatchilikka ham murojaat qildi.
«Bu ishni o‘zim uchun qilmayapman. Buni siz uchun qilyapman. Yulian Nagelsmannga qanday munosabatda bo‘lganingizni ko‘rganimga qaramasdan bu ishga kirishyapman. Tomas Tuxelga nisbatan qanday munosabatda bo‘lganingizga qaramasdan bu ishni zimmamga olyapman», – dedi u.
Yurgen Klopp shuningdek, Germaniya milliy jamoasi haqida ham fikr bildirdi.
«Muvaffaqiyat bu – kutilganidek natijaga erishishing. «Biz Fransiya kabi zo‘rmizmi?» deb savol beradigan bo‘lsak, javob – yo‘q, unday emas. «Bizda Dembele, Mbappe, Due, Barkolya kabi o‘yinchilar bormi?» deb so‘rash to‘g‘riroq bo‘ladi. Javob – yo‘q. Lekin baribir ularni yuta olamiz.
Doim Fransiya, Ispaniya yoki Argentinaga qarashning hojati yo‘q. Muhimi – o‘zimizga va qanday futbol o‘ynayotganimizga qarash kerak. Biz hozir dunyoning eng yaxshi jamoasi emasmiz – bu haqiqat. Reytingda bizdan yuqorida 11ta jamoa bor. Bizning vazifamiz – o‘yinimiz orqali ular ustidan g‘alaba qozonish», – dedi Germaniya milliy jamoasi yangi bosh murabbiyi.
Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann jamoa jahon chempionati 1/16 finalida Paragvayga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng lavozimini tark etgandi.











