Rossiya Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan qonunga ko‘ra, sudlanganligi olib tashlanmagan yoki qonuniy tartibda bekor qilinmagan yana bir qator shaxslar mamlakat Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Hujjat Rossiya parlamentining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qanday jinoyatlar bo‘yicha mahkumlar qamrab olinadi?
Yangi qonun qator og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarga nisbatan ham amal qiladi.
Jumladan, quyidagi moddalar bo‘yicha mahkumlar armiya bilan shartnoma tuzish huquqiga ega bo‘ladi:
- naqd pul, narkotik moddalar, qurol-yarog‘, portlovchi moddalar, yadroviy materiallar va xavfli biologik agentlar kontrabandasi;
- qo‘riqlanadigan ob’yektlarga noqonuniy kirish;
- yoqilg‘i-energetika infratuzilmasi xavfsizligini buzish;
- yadroviy materiallar bilan qonunga zid muomala qilish;
- yadroviy materiallarni o‘g‘irlash.
Shuningdek, qonun quyidagi jinoyatlar uchun mahkum etilganlarga ham tatbiq etiladi:
- banditizm;
- jinoiy uyushma tashkil etish yoki unda ishtirok etish;
- noqonuniy migratsiyani tashkil etish;
- davlat siriga oid hujjatlarni yo‘qotish.
Rossiyaning «Interfaks» agentligi ma’lum qilishicha, mazkur hujjat Jinoyat kodeksining 78¹-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan bir paketda qabul qilingan.
CSIS: Rossiyaning yo‘qotishlari keskin oshgan
Shu bilan birga, Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari Rossiya armiyasi 2026 yilda Ukrainada ancha katta yo‘qotishlarga uchrayotganini qayd etdi.
Tadqiqotga ko‘ra, 2026 yilda Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarini Ukraina armiyasiga nisbatan sakkiz barobar ko‘proq yo‘qotmoqda.
CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida urush boshlanganidan buyon ikki tomonning umumiy yo‘qotishlari ikki million nafarga yaqinlashgan.
Shundan taxminan 1,4 million nafari Rossiya, qolgan qismi esa Ukraina tomoni hisobiga to‘g‘ri keladi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, agar avval Rossiya va Ukraina yo‘qotishlari nisbati odatda 2:1 yoki 3:1 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 8:1 gacha oshgan.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi yo‘qotishlarining 90 foizdan ortig‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri jangovar to‘qnashuvlar emas, balki Ukraina dronlari zarbalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.











