Rossiya Davlat dumasi Soliq kodeksiga kiritilayotgan, yonilg‘i bozoridagi narxlarni barqarorlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Hujjatga ko‘ra, mamlakatda yonilg‘i dempferi mexanizmi, birja savdolari tartibi hamda dizel yonilg‘isi importi bo‘yicha kompensatsiya tizimi qayta ko‘rib chiqiladi.
Yangi qonun yonilg‘i dempferi mexanizmini takomillashtirishni nazarda tutadi. Dempfer – bu davlat tomonidan neft kompaniyalariga ichki bozorga yonilg‘i yetkazib berish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun to‘lanadigan kompensatsiya tizimi hisoblanadi. Rossiya hukumati ushbu o‘zgartishlar ichki bozorda yonilg‘i taklifini ko‘paytirish va narxlarning keskin o‘zgarish xavfini kamaytirishga xizmat qilishini bildirmoqda.
Qonun loyihasi hukumat tomonidan neft mahsulotlari bozorini barqarorlashtirish choralari doirasida tayyorlangan. Avvalroq Rossiya hukumati benzinning majburiy birja savdosi hajmini qisqartirgan va ichki bozorni yonilg‘i bilan ta’minlash maqsadida neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etgan edi.
Yangi tartibga ko‘ra, minimal birja savdolari hajmini hisoblashda birjadan tashqari amalga oshirilgan ayrim yetkazib berish hajmlari ham inobatga olinadi. Bu holatlar ro‘yxatini keyinchalik Rossiya hukumati belgilaydi.
Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Sazanovning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus asosan qishloq xo‘jaligi sohasining ehtiyojlari bilan bog‘liq. Hukumat neftni qayta ishlash zavodlari hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yonilg‘i bilan ta’minlovchi vakolatli kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish mexanizmlarini muhokama qilmoqda.
Qonunga muvofiq, 2026 yil iyulidan 2027 yil iyuligacha o‘rta distillyatlar (dizel yonilg‘isiga yaqin xususiyatlarga ega neft mahsulotlari) uchun ham dempfer kompensatsiyasi to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, import qilinadigan dizel yonilg‘isi uchun ham benzinda qo‘llanayotgan tizimga o‘xshash kompensatsiya mexanizmi joriy etiladi. Agar import qilingan dizel qiymati Rossiya ulgurji bozoridagi narxdan yuqori bo‘lsa, importchilar aksiz solig‘i bo‘yicha chegirma orqali xarajatlarining bir qismini qoplab olishi mumkin. Biroq bunday to‘lovlar faqat dizel yonilg‘isi va aviatsiya kerosini eksportiga cheklovlar amal qilgan davrlarda beriladi.
Qonunga ko‘ra, uchinchi davlatlardan import qilinadigan dizel yonilg‘isi uchun kompensatsiya hisoblashda Hindiston bozoridagi narxlar asosiy mezon sifatida olinadi. Bunda Hindiston majburiy yetkazib beruvchi emas, balki narxlarni belgilash uchun etalon sifatida tanlangan.
Belarusdan keltiriladigan dizel yonilg‘isi uchun alohida tartib joriy etilgan. Unga ko‘ra, kompensatsiya koeffitsiyenti 0,9 etib belgilangan bo‘lib, bu Belarus yonilg‘isini import qilishni boshqa davlatlarga nisbatan iqtisodiy jihatdan manfaatliroq qiladi.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin qabul qilingan choralar samarasi yaqin kunlardayoq sezilishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun ichki bozorga qo‘shimcha yonilg‘i yetkazib berishni rag‘batlantirishi va zarur zaxiralarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ham hukumat tomonidan ko‘rilgan choralar allaqachon natija bera boshlaganini ta’kidladi. U yonilg‘i bozori barqarorlashayotganiga eksport cheklovlari, ishlab chiqarish hajmining oshishi, importning ko‘payishi hamda ayrim neftni qayta ishlash zavodlarida ta’mirlash ishlari muddatining o‘zgartirilganini asosiy omillar sifatida keltirdi.
Ayni paytda, 2026 yil bahori va yozida Ukraina dronlari hujumlari oqibatida Rossiyaning bir qator yirik neftni qayta ishlash zavodlari ishi to‘liq yoki qisman to‘xtab qolgan. May oyi oxiriga kelib, ish faoliyati izdan chiqqan zavodlarning umumiy quvvati yiliga 83 million tonnadan oshgan bo‘lib, bu mamlakatning umumiy neftni qayta ishlash quvvatining qariyb chorak qismiga teng. Mazkur zavodlar Rossiyada ishlab chiqariladigan avtomobil benzinining 30 foizdan ortig‘ini va dizel yonilg‘isining qariyb chorak qismini ta’minlab kelgani uchun hukumat yonilg‘i bozorini tartibga solish choralarini kuchaytirishga majbur bo‘ldi.











