Adliya vazirligida Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining yo‘l qurilishiga oid me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi hamda sifatini laboratoriya sinovlari orqali baholash tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, pudrat tashkiloti bajarilayotgan ishlar sifati ustidan doimiy laboratoriya nazoratini ta’minlashi shart. Agar pudratchining o‘z sinash laboratoriyasi mavjud bo‘lmasa, u shartnoma asosida boshqa laboratoriyani jalb qilishi mumkin.

Shu bilan birga, buyurtmachi qurilish, rekonstruksiya yoki ta’mirlash ishlarining hajmi va sifati yo‘l qurilishi hujjatlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida mustaqil sinash laboratoriyasini jalb etadi.

Buyurtmachi tomonidan jalb qilinadigan laboratoriya albatta akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi hamda uni tanlash «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Nizomga ko‘ra, buyurtmachi pudrat tashkilotining o‘z laboratoriyasini yoki u tomonidan jalb etilgan laboratoriyani qabul qilish jarayoniga jalb qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab yo‘l qurilishi ishlari sifatini mustaqil va xolis baholashni ta’minlashga qaratilgan.