O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston rahbariga Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston yetakchisining shu yil 8-9 iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani barpo etishda Belarus tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, soha uchun milliy kadrlarni tayyorlash hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.