Yaqinda Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimiga kirishgan Endi Byornem mamlakat hukumati tarkibida bir qator kadrlar o‘zgarishini amalga oshirdi. Tayinlovlar qirol Karl III tomonidan tasdiqlangani haqida Dauning-strit matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi tarkibga ko‘ra, moliya vaziri (g‘aznachilik kansleri) etib sobiq mudofaa vaziri Jon Xili tayinlandi. U iyun oyida mudofaa sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligini tanqid qilib, o‘z lavozimini tark etgan edi.

Tashqi ishlar vaziri lavozimiga Ed Milibend tayinlandi. U avvalgi hukumatda energetika xavfsizligi va uglerod neytralligi bo‘yicha vazir bo‘lib ishlagan.

Luiza Xeyg vazirlar mahkamasi ishlari bo‘yicha vazir, birinchi davlat kotibi hamda Lankaster gersogligi kansleri etib tayinlandi. Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud esa o‘z lavozimida qoldirildi.

Lavozimga kirishganidan so‘ng Endi Byornem Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Unda Britaniyaning Ukrainaga harbiy va siyosiy ko‘magi, shuningdek, Rossiyaga nisbatan bosim siyosati qat’iy davom ettirilishi ta’kidlandi.

Ikki davlat rahbari Byornem Manchester meri bo‘lib ishlagan davrda Ukraina shaharlarini tiklashga ko‘maklashuvchi UNBROKEN Cities Network tashabbusi doirasida erishilgan natijalarni ham muhokama qildi. Bosh vazir Rossiyaning so‘nggi hujumlarida halok bo‘lgan ukrainaliklar yaqinlariga hamdardlik bildirdi hamda Volodimir Zelenskiyni imkoni bo‘lishi bilan Londonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Endi Byornem AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida u Trampni futbol bo‘yicha jahon chempionatining muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi hamda Angliya terma jamoasining o‘yiniga yuqori baho berdi.

Shuningdek, ikki davlat rahbari Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi. Byornem Britaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash tarafdori ekanini bildirib, bu jahon ta’minot zanjirlari barqarorligi va Britaniya iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bosh vazir mamlakatda qayta industriyalashtirish dasturlarini amalga oshirish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va milliy xavfsizlikni mustahkamlash hukumatning asosiy ustuvor vazifalari bo‘lishini ham ta’kidladi. Suhbat yakunida Byornem va Tramp yaqin vaqt ichida shaxsan uchrashishga umid bildirishdi.

Endi Byornem Buyuk Britaniyaning so‘nggi o‘n yil ichidagi oltinchi bosh vaziri hisoblanadi. U 17 iyul kuni Leyboristlar partiyasi yetakchisi etib saylangan va partiyaning mo‘’tadil so‘l qanotining nufuzli siyosatchilaridan biri sifatida e’tirof etiladi. 2001 yildan buyon parlament a’zosi bo‘lgan Byornem avval Toni Bler va Gordon Braun hukumatlarida bir qator yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.