Qayd etilishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ekologik vaziyatiga issiqxona xo‘jaliklarining salbiy ta’sirini kamaytirish, issiqxonalarni isitishda ekologik jihatdan xavfsiz va energiya tejamkor texnologiyalarni rag‘batlantirish maqsadida Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalar band qilgan yer uchastkalariga nisbatan soliq stavkasi qishloq xo‘jaligi maqsadidagi yerlar uchun belgilangan soliq stavkasining 10 baravari miqdorida belgilanadi. Bunday issiqxonalarga soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi.
Bunda mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari isitish qurilmalari (qozonxonalari) demontaj qilingan issiqxonalar va elektr isituvchi issiqxonalarga tatbiq etilmaydi. Ular bo‘yicha ma’lumotlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladi.
Qonun loyihasi muhokamasi 31 iyulga qadar davom etadi.











