Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, test sinovlari har kuni ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 gacha davom etadi.

Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan hududga kamida 1,5 soat oldin yetib kelishi lozim. Ular birinchi smena uchun soat 07:30 gacha, ikkinchi smena uchun esa 14:30 gacha tekshiruvlardan o‘tib, belgilangan joylarini egallagan bo‘lishi kerak.

Test sinovlariga kirish uchun abituriyentlardan pasport yoki ID-kartaning asli hamda abituriyent ruxsatnomasi talab etiladi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Test jarayonlari to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va onlayn tarzda namoyish etiladi. Abituriyentlar va ularning yaqinlari imtihonlarni maxsus onlayn platforma orqali kuzatishlari mumkin.