— «Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80 yillik yubiley sessiyasida aynan ajdodlarimiz merosini, ya’ni Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy merosini Birlashgan Millatlar Tashkilotida taqdimotlar o‘tkazishni maqsad qilgan edik. Ushbu forum esa dastlabki qadamdir. Xususan, sentabr oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy markazlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi hamkorligida Nyu Yorkda, Jyenevada va Parijda mana shunday xalqaro forumni o‘tkazishni ham reja qilganmiz», - deya ma’lumot berdi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov.
Tadbir davomida kitob nashrlari va qo‘lyozmalarni qayta tiklash, xattotlik an’analarini asrash hamda ularni kelajak avlodga yetkazish masalalari ham muhokama qilindi. Bu borada milliy kitobat maktabi namunalari asosida tayyorlangan yangi nashrlar alohida qiziqish uyg‘otdi.
Imom Termiziyning kitobini taqdim etgan Damir-hazrat Muxetdinov — Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi birinchi o‘rinbosari, Moskva islom instituti rektori forumda dunyoga mashhur bo‘lgan olimlarning ishtirok etayotgani zamonaviy geosiyosatda va bugungi islom dunyosida Toshkentning roli katta ekanini ta’kidladi:
— «Biz aminmizki, tizimli va izchil mehnat, mamlakatingiz siyosiy rahbariyati namoyon etayotgan ulkan shijoat va energiya, shuningdek, mehmonlarning ushbu loyihalarga katta muhabbat bilan daxldor bo‘lish, ularni his qilish hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy qadamjolarini qaytadan ziyorat qilishga bo‘lgan kuchli xohishi — bularning barchasi respublikaning ulkan turistik, tarixiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy salohiyatidan dalolat beradi. Agar barcha urg‘u va ustuvorliklar to‘g‘ri belgilansa, mamlakat muvaffaqiyatli va farovon rivojlanib bora oladi».
Forum ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, oliy ta’lim muassasalari, muzeylar, kutubxonalar va jamoat tashkilotlarini ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda hamkorlikka chaqirdi.
Mazkur tashabbuslar tinchlik, o‘zaro hurmat, ta’lim va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi boy merosini jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida asrash va keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.










