Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining davlat mehnat huquq inspektori A.H. muqaddam sudlangani holda firibgarlik sodir etgani ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, u o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro N.H.ni Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filialiga orastabon lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Buning evaziga inspektor fuqarodan 800 AQSh dollarini olgan. Tergov jarayonida ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollari hamda 3,3 million so‘mi qaytarilib, bu holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish jinoyatiga ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.