Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.











