Holat Andijon viloyati bojxona boshqarmasining «Do‘stlik» chegara bojxona postida aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan 51 yoshli fuqaro boshidagi do‘ppining ichiga 35,6 ming AQSh dollarini yashirgan holda mamlakat hududidan olib chiqishga uringan.

Bojxona nazorati davomida yo‘lovchining deklaratsiyasi tekshirilgan va og‘zaki so‘rov o‘tkazilgan. Natijada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan hamda ma’lum qilinmagan naqd xorijiy valuta aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan.

Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston rezidentlari mamlakat hududidan 100 million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi naqd xorijiy valutani olib chiqish huquqiga ega.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.