Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘oldi tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Xususan, xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot, shuningdek Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tog‘li va tog‘oldi tumanlarida kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu pastqam joylarning suv ostida qolishiga va mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga ob-havo haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish, xavfli hududlarga bormaslik hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.











