Qonunchilikka muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan davlat xizmatiga yoshlarni qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan qator yangiliklar kuchga kiradi.
Jumladan, tanlovning suhbat bosqichida beriladigan savollar davlat organining rasmiy veb-saytida kamida bir oy oldin e’lon qilinishi shart bo‘ladi. Bir oy oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi.
Shuningdek, ichki tanlovlar o‘tkazilmaydigan hamda tanlovlarda nomzodlar uchun umumiy yoki maxsus ish staji talab etilmaydigan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ish staji talab qilinadigan lavozimlar uchun ham cheklov belgilanib, nomzodlardan ko‘pi bilan ikki yillik umumiy yoki maxsus ish staji talab qilinishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tartib yoshlar uchun davlat xizmatiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, tanlov jarayonlarini yanada shaffof va adolatli tashkil etishga qaratilgan.











