Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 9 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Qonun loyihasida qonunchilik hujjatlarida foydalanilgan ayrim tushuncha va yuridik atamalarni yagona shaklda qo‘llash va ularning yuridik-texnik jihatdan to‘g‘ri bayon etilishini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etildi.
Xususan, «avans» so‘zini «bo‘nak», «markirovka»ni «tamg‘alash», «marshrut»ni «yo‘nalish», «svetofor»ni «yo‘lchiroq», «kovorking»ni «ish markazi», «parol»ni «o‘ron», «progressiv» so‘zini esa «ilg‘or» deb o‘zgartirish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarning qo‘llanilishidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, ularni birxillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.











