Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining so‘roviga davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vaqtida javob yuborilmagan taqdirda, deputat bu holat bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritishi mumkin bo‘ladi.
Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘yish – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida belgilandi.
Dasturga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi 2026 yil iyun oyida tayyor bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, sentabr oyigacha ishlab chiqiladigan yana bir qonun loyihasi bilan, Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari tomonidan davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish nafaqat amaldagi qonunchilikda keltirilgan asoslar, balki jamoatchilik e’tiborini tortgan, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkinligi belgilanadi.











