O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) natijalarini e’lon qildi.

Mahalliy va xalqaro fond bozorlarida bir vaqtda kechgan ommaviy taklif natijasida kompaniyaning 31 foiz aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi.

Xususan:

  • Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 million dona aksiya (sotuvga chiqarilgan jami aksiyalarning qariyb 3 foizi) 4,65 so‘mdan, 12 mlrd so‘mgacha qiymatda buyurtma bergan jismoniy shaxslarga esa 5 foizlik chegirma bilan 4,41 so‘mdan sotildi;
  • London fond birjasida esa qariyb 1,5 trillion dona aksiya jami 23,4 millionta global depozitar tilxat (GDR) shaklida 25 dollardan realizatsiya qilindi.

Bundan tashqari, kelgusi 30 kun ichida London fond birjasida yana qariyb 3,5 million donagacha GDR qo‘shimcha joylashtirish opsioni (over-allotment option) doirasida sotilishi mumkin.

Qo‘shimcha opsion to‘liq realizatsiya qilingan taqdirda, birlamchi ommaviy taklif jamg‘armaning 35 foiz ulushi 692 mln dollarga sotilishi bilan yakunlanishi mumkin. Avvalroq aksiyalar sotuvidan tushgan barcha mablag‘lar davlat budjetiga tushishi ma’lum qilingandi.

Birlamchi joylashtirish narxi asosida, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etdi.

“Mazkur IPO O‘zbekiston kompaniyasining xalqaro bozordagi birinchi ommaviy taklifi bo‘lib, mamlakatda ham xorijiy, ham mahalliy investorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi, Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidagi kompaniyalari bilan birga O‘zbekistonning boshqa kompaniyalarida ham ommaviy kapital bozorlariga chiqishga rag‘bat uyg‘otadi”, – dedi Templeton Global Investmens'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan.

London fond birjasida bugun, 13 maydan e’tiboran shartli savdolar boshlanishi kutilmoqda. 18 maydan e’tiboran GDR'larning sharsiz savdosi, Toshkent fond birjasida esa aksiyalarning ikkilamchi savdosi boshlanadi.