Vena shahrida O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Avstriyaning Burgenland federal o‘lkasi Qishloq xo‘jaligi palatasi prezidenti Nikolaus Berlakovich hamda LANSKY, GANZGER, GOETH + Partner xalqaro yuridik firmasi vakili Klaus Vyolfer bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida Avstriya qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga o‘zbekistonlik malakali ishchilarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zbek mutaxassislari uchun yangi ish imkoniyatlarini yaratish va mehnat hamkorligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

Nikolaus Berlakovich Avstriya ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda sut mahsulotlari ishlab chiqarish tajribasini o‘rganish, xususan, Avstriyadan olib kelingan qoramollarni parvarishlash va ko‘paytirish usullariga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va ularni Avstriya qishloq xo‘jaligi tizimiga jalb qilish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.