Farmonga ko‘ra milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027 yil 1 maydan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Bunda:
- nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibiga rioya etilishi tibbiy faoliyat uchun litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;
- nodavlat tibbiyot tashkilotlarining inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali xavfi yuqori ko‘rsatkichga ega faoliyat hisoblanadi;
- nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan transplantatsiya amaliyoti amalga oshirilgan bemorlar va donorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga muntazam taqdim etib boriladi.
2027 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Samarqand viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bino-inshootlarini qurish va ularda rekonstruksiya ishlarini olib borish bo‘yicha quyidagi takliflar ma’qullandi:
- obektlarda tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish-montaj ishlarini olib boradi;
- qurilish-montaj ishlari yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda obektlarda nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi;
- obektlarni qabul qilish ishlari yakunlangach tadbirkorlarga belgilangan mablag‘lar to‘lab beriladi.











