Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Dehqonobod tumanidagi bozorlardan biri rahbarining noqonuniy harakati fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroga bozor hududida joylashgan, ammo tegishli hujjatlari rasmiylashtirilmagan savdo do‘konini sotishni taklif qilgan. Shuningdek, keyinchalik ushbu do‘konni uning nomiga rasmiylashtirib berishini va’da qilib, bu “xizmat” evaziga 80 mln so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs tadbirkordan 6600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.