Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.

Yig‘ilishda Jarqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Viloyat rahbari tomonidan tuman hokimi lavozimiga Ilhom Ochilovich Saparov nomzodi taklif etildi. Ushbu nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullanib, u Jarqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, Ilhom Saparov 1975 yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. U 2002 yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat, 2011 yilda magistratura bosqichini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u Surxondaryo viloyatidagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Xalq ta’limi hamda Madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.